#
  • Soha yangiliklari
  • 24 - Sentyabr, 2020
  • 17

Qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi

Farmonga muvofiq, O'zbekiston hududida 2028 yil 31 dekabrga qadar shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatidan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlar bilan bir vaqtda tegishli 7 ta xorijiy normativ hujjatning qo'llanishiga ruxsat etiladi.

2020 yil 1 iyuldan soliq va statistika hisobotlari ma'lumotlari asosida avtomatik tarzda shakllanadigan loyiha-qidiruv tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi.

Shuningdek, 2020 yil 1 sentyabrdan qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi.

Farmonga ko'ra, 2021 yil 1 yanvardan:

- qurilish sohasidagi davlat xaridlari doirasida xarid tartib-taomillari elektron shaklda onlayn rejimida amalga oshiriladi;

- qurilish sohasida o'tkaziladigan davlat xaridlarida elektron reytinglarga kiritilgan va tegishli mezonlar bo'yicha ijobiy ko'rsatkichlarga ega bo'lgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarning ishtirok etishiga yo'l qo'yiladi;

- davlat xaridlarida ishtirok etish uchun ruxsat berishda mazkur loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarning dastlabki malakaviy baholashdan o'tishi, tanlov (tender) hujjatlarining umumiy va texnik qismlarini taqdim etishi talab etilmaydi;

- davlat buyurtmachilari va davlat xarid sub'ektlari mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan ob'ektlarning loyiha hujjatlari energiya samaradorligi bo'yicha majburiy ekspertizadan o'tkaziladi;

- qurilish sohasidagi davlat xaridlarida g'olib bo'lgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari ishlar (xizmatlar) narxining kamida 30 foizini o'z kuchi bilan bajarishi  talab etiladi.

Farmonga muvofiq, Toshkent shahrida xususiy tadbirkorlarni buyurtmachi funksiyasini bajarishga jalb qilish bo'yicha eksperiment o'tkaziladi. Unga ko'ra:

- Toshkent shahrida 2021-2022 yillarda loyihalashtirilishi va qurilishi rejalashtirilgan 10 ta qurilish ob'ekti tanlab olinadi;

- eng yaxshi takliflarni tanlab olish natijalariga ko'ra xususiy tadbirkorlar bilan injiniring xizmatlarini ko'rsatish  yuzasidan shartnomalar imzolanadi.

Eksperiment tanlab olingan ob'ektlarning qurilish-montaj ishlari yakunlanib, ular foydalanishga topshirilguniga qadar amalga oshiriladi.

Shuningdek, Farmon bilan Qurilish vazirligi qoshida davlat muassasasi shaklida Qurilishda texnik me'yorlash markazi tashkil etildi.