#
  • Soha yangiliklari
  • 16 - Oktyabr, 2020
  • 15

Qurilish industriyasiga mos malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yunusobod tumanida barpo etilayotgan Toshkent Arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib ko‘rdi.

Qurilish ishlari joriy yil iyul oyida boshlangan edi. 5 qavatli ikkita o‘quv korpusi, 8 qavatli ma’muriy bino va 4 qavatli yotoqxona qad ko‘tarmoqda.

Bugungi kunda institutda 5 ming 400 dan ziyod talaba ta’lim oladi. 2020/2021-o‘quv yilidan kredit-modul tizimiga o‘tish natijasida 18 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi va 23 ta magistratura mutaxassisligi ochildi. Bo‘lg‘usi quruvchilarga zamonaviy bilim berish maqsadida “aqlli” uylar va shaharlar infratuzilmasini loyihalash, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, inshootlar zilzilabardoshligi kabi yangi yo‘nalishlar dasturga kiritildi.

Binolar foydalanishga topshirilgach, talabalarni qabul qilish qamrovi va ta’lim sifati ortadi.

- Oxirgi yillarda mamlakatimizda qurilish sohasi rivojlandi, katta-katta inshootlar, zavodlar, uylar barpo etilmoqda. Lekin kim loyiha qilyapti, kim quryapti, qanday quryapti, degan savollar ko‘ndalang turibdi. Bu yerda zamonaviy qurilish industriyasiga mos yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari institut yonidagi 8-avtobus saroyini ham kirib ko‘rdi. Bu avtoparkni boshqa joyga ko‘chirib, zamonaviy shart-sharoitlar yaratib berish, uning o‘rnida qurilish materiallari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish taklifi bildirildi.

- Bu hudud quruvchilar massivi bo‘lishi kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

Arxitektura-qurilish institutining murabbiylari, ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassislari va ularning oilalari uchun ijtimoiy ob’ektlar ham barpo etilishi aytildi.