#
  • Soha yangiliklari
  • 06 - Yanvar, 2021
  • 12

Senat a’zolari yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksini ma’qulladi

Parlament yuqori palatasining o‘n birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlarining barqarorligini ta’minlash va kuchaytirish, investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish yuzasidan bir qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, qurilish sohasidagi ishlar holatini o‘rganish ushbu sohada islohotlarni jadal amalga oshirishga va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishda muammolar borligini ko‘rsatdi.
Ta’kidlash joizki, ushbu muammolar qurilish sohasiga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qurilish tarmog‘i kadrlarini professional tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimining samaradorligiga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu bois, “O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi Qonun ishlab chiqilgan.
Shaharsozlik kodeksida “aholi punkti”, “shahar”, “shaharcha” va “qishloq (ovul)” ob’ektlar turlari, “o‘zboshimchalik bilan qurilish qilish”, “urbanizatsiya” , shaharsozlik faoliyatida fuqarolar muhokamasi ishtiroki kabilarga batafsil izoh va tushunchalar berilmoqda.

Shuningdek, Kodeksda normativ-texnik hujjatlarni joriy etish va ularning xisobini yuritish bo‘yicha yangi normalar mustahkamlanmoqda. Ya’ni:
– shaharsozlik faoliyati sohasidagi qarorlarning muhokamasida jamoatchilik nazoratining ishtirokini ta’minlash;
– yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan yangi norma;
– pudrat uchun davlat shartnomasini ishlab chiqish va tuzish tartibi va pudrat ishlari qat’iy shartnoma asosida amalga oshirilishi;
– shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda ekspertlarning huquqlari va javobgarligi ko‘rsatilgan.
O‘z o‘rnida, mazkur Kodeksda qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalariga qo‘yiladigan talablar aks ettirilib, ularga asosan shaharsozlik faoliyatining moliyaviy ta’minoti, sug‘urtalash va shaffoflikni ta’minlash, shu jumladan, qurilishda sug‘urtalash, shuningdek shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Qurilish vazirligi mutasaddilari yalpi majlis ishtirokchilari tomonidan berilgan ayni mavzudagi ko‘plab savollarga batafsil javob berishdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur normalarning belgilanishi sohada byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda shahar chegaralarini aniqlashning yangi qonuniy asoslarini yaratadi.