2018 — 2022 yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan ta’minlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Keyingi yillarda respublikada turar joylar va ijtimoiy-maishiy ob’yektlar qurilishini rivojlantirish hamda muhandislik-kommunikasiya va yo‘l-transport infratuzilmalarini yangilash hisobga olingan holda aholi punktlarini shaharlar va qishloq aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasini shakllantiruvchi shaharsozlik hujjatlari bilan ta’minlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar tizimli asosda amalga oshirilmoqda.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida respublikaning 96 ta shahri va 87 ta shahar posyolkasi bosh rejalar bilan ta’minlandi, 550 ta qishloqlar (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarni arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalariga ega.

Loyiha-qidiruv tashkilotlarining faoliyatini yanada takomillashtirish hamda respublika mintaqalarida istiqbolli va iqtisodiy samarali investisiya yechimlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etishda ularning faol ishtirok etishini ta’minlash maqsadida 26 ta yetakchi loyiha-qidiruv tashkiloti hamda «O‘zshaharsozlik LITI» DUKning 12 ta filiali tashkil etilgan.

Biroq, shaharlar va qishloq aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari bilan yetarli ta’minlanmaganligi ularni rejali rivojlantirish, ijtimoiy-madaniy va ishlab chiqarish yo‘nalishidagi ob’yektlarni oqilona joylashtirish, rivojlantirishning qisqa muddatli, o‘rtacha muddatli va uzoq muddatli istiqbollarini hisobga olgan holda muhandislik-kommunikasiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi omil bo‘lib qolmoqda. Jumladan, 23 ta shahar va 994 ta shahar posyolkalarini, shu jumladan, qisqa muddatli davrda respublikaning 138 ta shaharlari va shahar posyolkalarini bosh rejalar bilan ta’minlash talab etiladi.

Loyiha-qidiruv tashkilotlarining ilg‘or innovasion dasturiy yechimlar va zamonaviy axborot bazasi bilan jihozlanishi hamon yetarli emas, ilg‘or xorijiy tajriba sust joriy etilmoqda, tarmoq uchun zarur malakaga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash yetarli darajada amalga oshirilmayapti, bu, shubhasiz, loyiha mahsulotlari sifatiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Birinchi navbatda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ular bilan aholi punktlarini o‘z vaqtida qamrab olishni ta’minlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yanada yaxshilash va oliy ta’lim muassasalari tomonidan shaharsozlik sohasi mutaxassislari tayyorlash sifatini oshirish borasida shaharsozlik sohasidagi ishlarning holatini tubdan takomillashtirish maqsadida:

Quyidagilar:
2018 — 2022 yillarda respublika shaharlari va shahar posyolkalarining bosh rejalarini, shuningdek, qishloqlar (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarini arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalarini ishlab chiqishning yig‘ma parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

2018 — 2022 yillarda respublika shaharlari va shahar posyolkalarining bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqish dasturlari 2a va 2b-ilovalarga muvofiq;

2018-2019 yillarda aholi punktlarini batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqilishi bilan bir vaqtda qishloqlar (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarini arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalarini ishlab chiqish dasturi 3-ilovaga muvofiq;

ishlab chiqilayotgan shaharsozlik hujjatlari sifatini yaxshilash, loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlashni takomillashtirish va ularning malakasini oshirish bo‘yicha kompleks tadbirlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oldingi tahrirga qarang.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 fevraldagi PF-4944-son Farmoni bilan tasdiqlangan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturiga muvofiq ma’muriy-hududiy birliklarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining belgilangan chegaralari va tuzilgan xaritalari asosida 2019 yil 1 fevralgacha bo‘lgan muddatda 2020 — 2022 yillarda aholi punktlarini batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqilishi bilan bir vaqtda hududlari fuqarolar yig‘inlari hududlarini arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalarini ishlab chiqish dasturi tayyorlanishini va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2018 y., 06/18/5483/1594-son)

Oldingi tahrirga qarang.

Ushbu qaror bilan tasdiqlangan dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachi funksiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalariga yuklansin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2018 y., 06/18/5483/1594-son)

Quyidagilar:
«O‘zshaharsozlikLITI» DUK — shaharlar va shahar posyolkalarining bosh rejalari loyihalarini ishlab chiquvchi;

«ToshkentboshplanLITI» DUK — Toshkent va Samarqand shaharlari, Toshkent viloyati shaharlari va shahar posyolkalarining bosh rejalari loyihalarini ishlab chiquvchi etib;

«Qishloqqurilishloyiha» MChJ — qishloq joylarda qishloqlar, ovullar va shahar posyolkalarining bosh rejalarini, qishloqlar (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarini arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalarini va ular tarkibida batafsil rejalashtirish loyihalarini hamda ushbu batafsil rejalashtirish loyihalari uchun topogeodeziya xaritalarini ishlab chiquvchi etib;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 2 maydagi PQ-2946-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan mintaqaviy yetakchi loyiha-qidiruv tashkilotlari — loyihaga ko‘ra aholi soni 20 ming kishidan kam bo‘lgan shahar posyolkalarining bosh rejalarini ishlab chiquvchilar etib;

«O‘zGASHKLITI» DUK — topografiya-geodeziya ishlarini va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun muhandislik-geologiya qidiruvlarini ijro etuvchi etib belgilansin.

Oldingi tahrirga qarang.

O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi Qurilish vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha har yili Davlat byudjeti va O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish Davlat dasturi loyihalarini shakllantirishda ushbu qaror bilan tasdiqlangan loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirishga belgilangan tartibda zarur mablag‘larni nazarda tutsinlar.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2018 y., 06/18/5483/1594-son)

Belgilab qo‘yilsinki:
loyihaga ko‘ra aholi soni 20 ming kishidan kam bo‘lgan shaharlar va shahar posyolkalarining bosh rejalari, qoidaga ko‘ra, eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida aniqlanadigan ushbu qarorning 4-bandida ko‘rsatilgan loyiha-qidiruv tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilishi kerak;

mintaqaviy yetakchi loyiha-qidiruv tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan aholi punktlarining bosh rejalari faqat tegishli ravishda «O‘zshaharsozlikLITI» DUK va «ToshkentboshplanLITI» DUKning bosh loyiha-qidiruv tashkilotlari bilan kelishilgandan keyin tasdiqlanishi kerak;

Toshkent shahri, Toshkent viloyati shaharlari va shahar posyolkalarining hamda boshqa shaharlarning bosh rejalarini ishlab chiqishga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan tuzilgan lisenziya bitimlari asosida arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish huquqiga lisenziya olinmasdan xorijiy loyiha-qidiruv tashkilotlari tanlov asosida jalb etilishi mumkin;

Oldingi tahrirga qarang.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi «Arxitektura-rejalashtirish byurosi» davlat unitar korxonalari tasdiqlangan bosh rejalarga ega bo‘lgan aholi punktlarining maydoni o‘n gektardan ortiq bo‘lmagan hududlarida ularning qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalarini va qurish loyihalarini ishlab chiqishga haqlidir.

(6-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2018 y., 06/18/5483/1594-son)

Oldingi tahrirga qarang.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi 2a-ilovaga muvofiq 2018 — 2022 yillarda respublika shaharlari va shahar posyolkalarining bosh rejalarini ishlab chiqish dasturi va 2b-ilovaga muvofiq 2018 — 2022 yillarda respublika shahar posyolkalarining bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqish dasturi doirasida shaharlar va shahar posyolkalarining bosh rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha potensial loyiha-qidiruv tashkilotlari 2018 yil fevral oyi mobaynida belgilanishini, shuningdek, kelgusi yillarda ko‘rsatib o‘tilgan dasturlarning parametrlarini tayyorlash doirasida har yili:
(7-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2018 y., 06/18/5483/1594-son)

1 dekabrgacha — eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida shaharlar va shahar posyolkalarining bosh rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha-qidiruv tashkilotlari belgilanishini;

1 yanvargacha — shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlarining tasdiqlangan manzilli va titul ro‘yxatlari tasdiqlanishini, keyinchalik loyiha-qidiruv tashkilotlari bilan shartnomalar tuzilishini;

«O‘zshaharsozlikLITI» DUK, «ToshkentboshplanLITI» DUK, «Qishloqqurilishloyiha» MChJ, «O‘zGASHKLITI» DUK va mintaqaviy yetakchi loyiha-qidiruv tashkilotlari bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan dasturlarda nazarda tutilgan muddatlarda shaharlar va shahar posyolkalarining bosh rejalari hamda qishloqlar (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarini arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalari ishlab chiqilishini ta’minlasin.

Oldingi tahrirga qarang.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2018 y., 06/18/5483/1594-son)

«O‘zshaharsozlikLITI» DUK, «ToshkentboshplanLITI» DUK va «Qishloqqurilishloyiha» MChJ bilan birgalikda shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek, shaharlar, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlarini qurishda ularga rioya etilishi yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining muntazam ravishda monitoringini olib borsin, keyinchalik monitoring natijalarini har bir yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Oliy ta’lim muassasalari bazasida mutaxassis arxitektorlar, loyihalashtiruvchilar va quruvchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishni takomillashtirish tashkil etilishini nazarda tutgan holda «O‘zshaharsozlikLITI» DUK, «ToshkentboshplanLITI» DUK, «Qishloqqurilishloyiha» MChJ va mintaqaviy loyiha-qidiruv tashkilotlari tomonidan ishlab chiqiladigan shaharsozlik hujjatlari sifati oshirilishini ta’minlasin.

uy-joylar, ijtimoiy soha ob’yektlari, muhandislik-kommunikasiya va yo‘l-transport infratuzilmalarini qurishda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
turar joylar, ijtimoiy soha ob’yektlari va infratuzilmaning namunaviy loyihalari asosida shaharlar, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlari qurilishi tegishli aholi punktlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga va zarurat bo‘lganda ularga belgilangan tartibda kiritiladigan tuzatishlarga qat’iy muvofiq ravishda qurilishini;

mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni rejalashtirishda va hududlarni qurishda shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishini ta’minlasinlar.

Oldingi tahrirga qarang.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida belgilangan tartibda:
(10-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2018 y., 06/18/5483/1594-son)

ikki oy muddatda «O‘zshaharsozlikLITI» DUK, «ToshkentboshplanLITI» DUK va «Qishloqqurilishloyiha» MChJning yetakchi loyiha-qidiruv tashkilotlari tuzilmasiga hududlarni rejalashtirish va qurish bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqish jarayonida ular faoliyatining samaradorligini oshirishni, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda hajm-rejalashtirish jihatidan loyihalashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilishini;

loyiha-tashkilotlari va shaharsozlik faoliyatining boshqa ishtirokchilari orasida ixtisosli dolzarb axborotni tezlikda va keng ko‘lamli tarqatish imkonini beruvchi zamonaviy texnik darajadagi axborot-tahliliy baza tashkil etilishini taьminlasin.

Oldingi tahrirga qarang.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi loyihalashtirish, qurilish jarayonini tashkil etish va boshqarishning yangi usullarini, shuningdek, ilg‘or qurilish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida arxitektura sohasida xorijiy ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishda O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari orqali O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga har tomonlama ko‘maklashsin.

(11-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2018 y., 06/18/5483/1594-son)

Oldingi tahrirga qarang.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
(12-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2018 y., 06/18/5483/1594-son)

ta’limning yangi talab etilgan yo‘nalishlari (qurilishda marketing, qurilishda menejment va boshqalar) bo‘yicha qurilish tarmog‘ida yuzaga kelayotgan kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqib, har yili 1 dekabrgacha ta’limning ushbu yo‘nalishlarini ochish va bo‘lajak o‘quv yilida ular bo‘yicha qabul kvotalarini belgilash uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga yagona shakllarga muvofiq aniqlangan ehtiyojlar bo‘yicha asoslangan takliflarni kiritsinlar;

tarmoq mutaxassislarining malakasini oshirish uchun tizimli asosda tajriba almashishni va maqsadli tajriba orttirishlarni tashkil etish uchun har yili 1 dekabrgacha yetakchi ixtisosli xorijiy oliy ta’lim va tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik dasturlari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasinlar.

O‘zbekiston Respublikasining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
« Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda biznes yuritishni soddalashtiradigan qonunni imzoladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Obod mahalla» to‘g‘risidagi PQ-3812-son qarori »