#
  • Soha yangiliklari
  • 23 - Mart, 2021
  • 90

Bo‘sh turgan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslarga oshirilgan stavkada jarima qo‘llaniladi

Prezidentning “Yerdan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash hamda bu sohada davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Yerdan foydalanish hamda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat'iy rioya etilishini ta'minlashda vakolatli davlat organlari va tashkilotlari mas'uliyatini yanada oshirish maqsad qilingan.

Davlat soliq qo‘mitasi 2021 yil 1 iyulga qadar bo‘sh turgan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar hamda muhofaza zonalari hududlarida joylashgan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslarga oshirilgan stavkalarda jarima qo‘llashni nazarda tutuvchi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklifni hukumatga kiritadi.

Vazirlar Mahkamasi davlat yer nazorati (monitoringi)ni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash choralarini ko‘radi, unda “Ye-Yer Nazorat” AAT ishini samarali tashkil etish hamda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlarini aniqlash va bartaraf etish tartibi nazarda tutiladi.

Kadastr agentligi:

a) Qurilish vazirligi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish, ularda noqonuniy obektlar qurish hamda tegishli hujjatlarda belgilanganidan ortiqcha yerdan foydalanish bo‘yicha xabar bergan shaxslarni pul mukofoti bilan rag‘batlantirish tartibi loyihasini ishlab chiqadi;

b) Qurilish vazirligi bilan birgalikda yer uchastkalarida amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari obektlari to‘g‘risida ma'lumotlar reyestrini shakllantiradi va yangilab boradi, QR-kodni yengil qurilma va ko‘chmas mulk obektining fasad qismiga joylashtirishga bo‘lgan talablarni tasdiqlaydi;

v) qonun hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Avvalroq, yer uchastkalari o‘zboshimchalik bilan egallab olingani haqida xabar berganlar pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi xabar berilgandi.